Imom Ash’ariy

| طباعة |
المجموعة: Алломалар
تم إنشاءه بتاريخ 24 نيسان/أبريل 2018 الزيارات: 3345

Imom Ash’ariy bolalik davridanoq muhaddis va faqihlarning majlislarida qatnashar edi. U Basra mo‘taziliylari rahbari bo’lmish Abu Ali Juboiydan tahsil oladi, hamda undan aqida ilmini o‘rganadi. Shuning uchun ham u ko‘proq mo‘taziliylar ta’sirida voyaga yetdi.

Boshqa aqidalar namoyandalari bilan munozara va tortishuvlarni Abul-Hasan Ash'ariy o‘z zimmasiga olar edi, chunki munozarada Juboiy qiynalar edi. Abul-Hasan 40 yoshigacha mo‘taziliylar ta’sirida bo‘ldi. So'ng o‘z ustozi bilan ba’zi masalalar, jumladan, “aslah” masalasida ixtilofga bordi. Ya'ni Juboiy da’vosiga ko‘ra, Alloh faqat bandasining manfaatini bandaga aslah (foydali) ishni qilishi vojibdir. Ash’ariy bu fikrga qo'shilmaydi.

Abul-Hasan va Juboiy o‘rtasidagi mazkur ixtilofga doir quyidagi rivoyat saqlanib qolgan. Abul-Hasan Ash’ariy ustozi Juboiyga: “Biri yoshligida vafot etgan, ikkinchisi ulg‘ayib solih kishilardan bo‘lgan, uchinchisi esa kofir bo‘lib dunyodan o‘tgan uch aka-ukalarga qanday hukm qilasiz? Agar yosh o‘lgani Allohdan: "Meni nima uchun akam manzilasiga yetgunimcha hayotda qoldirmading?”, deb so‘rasa, Alloh unga nima deb javob beradi?” - deya savol beradi. Juboiy shunday dedi: “Alloh: “Sening boshqa akang kabi kofir bo‘lib o‘tishingni bilgan edim. Senga yaxshisi yoshligingda o‘lganingdir" deb javob beradi”. Abul-Hasan: “Agar uchinchisi: “Ey Rabbim, nima uchun yoshligimda o‘ldirmading, men ukam manzilasiga rozi edim, desa-chi, Alloh unga nima deydi?”, deb so‘raganida, Juboiyning rangi o‘chib ketadi va javob berisbga ojiz qoladi.

Ko‘p munozaralardan so‘ng uning tafakkurida bir qator savollar uyg‘onadi va o‘zida sunniy yo‘nalishidagi olimlarning fikrlariga moyillik seza boshladi. Shundan so‘ng 11 marotaba ikki tomonning hujjat-dalillarini solishtiradi. Nihoyat qanoat hosil qilgach, Basra jome masjidida minbardan turib: “Ey odamlar! Meni bilganlar biladi, bilmaganlar bilmaydi, bilmaydiganlarga o‘zimni tanishtiraman. Men Qur’onni mahluq, ya’ni yaratilgan deb, bilardim. Alloh ko‘z bilan ko‘rilmaydi, yomon ishlarni men o‘zimcha (ya’ni Allohning irodasisiz) qilaman deb aytar edim. Hozir men tavba qildim, mo‘taziliylarni rad qilishga kirishaman. Hamma hujjat-dalillarni o'rganib chiqdim. Hech biri boshqasi ustidan kuchli bo‘lib chiqmadi, so‘ng Allohdan hidoyat so‘radim, u menga hidoyat berdi. Shuning uchun ham bir qancha vaqt sizlar bilan birga bo‘lmadim. Men ilgari e’tiqod qo‘ygan narsalarimni shu kiyimimni yechganim kabi yechaman” deb AbuI-Hasan kiyimlarini yechadi va yozgan narsalarini, muhaddis va faqihlar jamoasiga beradi. AbuI-Hasan Ash’ariy mo‘taziliy va shu kabi oqimIarning fikrlarini har joyda rad qiladi va “ahli sunna imomi”, “ahli sunna homiysi” degan nomga sazovor bo‘ladi[1].

Ash’ariyning ilmiy xulosalarini o‘qib chiqqan ilm ahllari uni o‘zlariga rahnamo qilib oldilar, o‘zlari ergashgan ta’limotni uning nomi bilan atab, ash’ariylar sifatida tanildilar.

Manbalar asosida tayyorlandi
Ko’kaldosh o’rta maxsus islom bilim yurti
2-kurs talabasi Qambarov Muhsinjon


[1] Tulepov. A. “Islom va aqidaparast oqimlar”. –T:SHARQ, 2013